Shifokorlar haqiqati: tanganing orti ham bor

 

Filolog Shahnoza To'raxo'jayeva feysbukdagi sahifasida O'zbekistonda ayrim shifokorlar dorixonachilar bilan kelishgan holda «yeng ichida» ish qilib, mijozlarga qimmatbaho dorilarni sotishi muammosi kuzatilishi haqidagi fikrlarini bayon etgandi. Ayni paytda u aynan shifokorlar faoliyatiga oid yana bir mulohazani barcha bilan o'rtoqlashmoqda.

«Kitobxonlar davrasi» degan bir yaxshi guruh bor. U yerda intellektual yoshlar jamlangan. O'shalarga «Nima uchun yoshlar chetga ketib qolyapti?» degan savolni bergandim, yaxshi muhokamalar bo'ldi. Bir foydalanuvchining yozganlari juda ta`sirlantirdi. Shifokor ekan. Ma`lumingizkim, so'nggi kunlarda shifokorlar bilan oramiz buzilgan. Ammo meni tanganing ikkinchi tarafini yashirishda ayblamasliklari uchun, adolat uchun, asosiysi, bu yigitning aytganlari ayni haqiqat bo'lgani uchun e`lon qilyapman. Post meni haqorat qilmagan shifokorlarga bag'ishlanadi», – deydi filolog va quyida mulohazani keltirgan. 
«O'zim misolimda: Germaniyada ishlab chiqarilgan yangi, zo'r, apparatlar bilan jihozlangan davlat shifoxonasi... Biz aynan shunday yangi narsalarni ishlatishni o'rganganmiz. LeKIN, kecha bitirgan jo'jaxo'roz (bo'lim boshlig'i): «Senga bu apparatda narkoz berishni kim qo'yipti, buzilsa, falon pul turadi, tegma, juda bilsang, komissiya kelganda ishlatib ko'rsatarsan», – deydi (bu o'z ustingda ishlab, yangilikni amaliyotga tatbiq qilish uchun birinchi to'siq). O'lib-tirilib, sutkani sutkaga ulab «dejur» turasan, eeeeng qiyin operatsiyalarga narkoz berasan, jarrohlikdan so'ng bemorni parvarish qilasan, oyning oxirida esa plastigingga qanaqadir 1.1 mln so'm (shu ham oshib ketsa) tushadi. Majbur bo'lasan, uyingga bormasdan, ikkinchi, uchinchi joylardan «dejurstvo» olishga. Ishlaysan, ishlaysan, keyin paa-baaaaam! Soliq-poliq, balo-battarlardan oshib qo'lingga 2 mln so'm atrofida pul tegsa tegar, yana kim bilsin.
Bu yog'iga boqsang, o'zing hali magistrsan, kvartira, yo'lkira, oziq-ovqat va yana boshqa chiqimlar. Qarabsanki, ikki kunga bormasdan oylikning «changi» chiqib ketadi. Turmush qurib oilali bo'lgan kishining gapi bundan ko'p. O'ylanib xafa bo'lib o'tirsang, Kuvaytdami, Angoladami ishlaydigan do'sting xabar yozib qoladi: «Hayot qalay?». Javob berasan: «Allohga shukr, kun o'tib turipti». U yoqdan: do'stiiiim, bu yerda senga o'xshagan narkozni yaxshi beradigan do'xtirlarni qadrlasharkan, oylikning o'zi 5000$ (!), undan tashqari, operatsiya pulidan qonuniy ulush olasan, (yuraging o'rtanib ketadi) yozasan: «Qanday qilib borsa bo'ladi?» Javob: «O'rtakash firmaga murojaat qil».
Zudlik bilan o'sha firmani topasan-da, (agar byudjyetda o'qigan bo'lsang, 3 yil kutasan, bo'lmasa, diplomingni berishmaydi), shartnomani imzolab, bo'lim boshlig'ining oldiga kirasan: bo'limingni YeLKAMNING ChUQURI KO'RSIN deysan-u («dux»ing yetsa), juftakni rostlavorasan.
Arab ligasi davlatlaridan biriga borvolasan-da, haqiqiy azob boshlanadi. G'irrrrt begona yurt, begona odatlar, qiyin til, uyingni har soniyada sog'inasan, mayli edi, o'sha arzimas pulga ham ishlab uyimda yurganim yaxshi edi (ko'nglingdan o'tadi-da shu gaplar). LeKIN birinchi dollarlarni ushlaganingda, sal yumshaysan. Uyga jo'natib, onangga telefon qilasan. Hol-ahvol, arzi-dod, sog'inchli gaplardan keyin otang: «O'g'lim, senga uchastka olib qo'ydik, agar yana 6-7 oy shunaqa jo'natsang, chiroyli uy solib, mashinaga harakat qilib qo'yamiz», – deydi. Yuraging hapqirib ketadi. Kechasi yonboshlab, o'ylaysan (aytgancha, u yerda faqat 8 soat/5 ish kuni rejimida ishlaysan, rangingga rang kirib, odamga o'xshab qolasan, chunki to'yib uxlaysan-da).
«Haaaaaa, hayot degani mana bunaqa bo'pti, borib bo'pman O'zbekistonga (ishlagani), shu yerda 7-8 yil ishlab, biror yaxshi biznesniyam yo'lga qo'yaman-da, farzandlarim tarbiyasi bilan shug'ullanaman, istalgan joyda o'qitishga imkonim bo'ladi, sayohat qilishga, ota-onamni HAJga yuborishga va hokazo-hokazolar, katta-katta sarf-xarajatlarga imkon bo'ladi, Xudo xohlasa», – deysan. Endi chiqimni o'ylaganda, yuraging siqilmaydigan bo'ladi.
Ishga o'ynab-kulib, xursand bo'lib borasan, qanaqadir g'irt begona ARAB seni qattiq hurmat qiladi (o'sha kimsa ham aslida bo'lim boshlig'i). Endi senga bemorning kimligi-yu, moddiy imkoniyatlari umuman qiziq emas. Bo'sh vaqting borligi uchun bu yerdagi maqomingni yo'qotib qo'ymaslik uchun ham o'z ustingda qattiq ishlaysan. 2-3 yilda mustaqil, juda kuchli mutaxassisga aylanasan. Faqat seni bir narsa qiynaydi... VATAN SOG'INChI...
www.kun.uz saytidan olindi

Izohlar - 1

Xolmurod
30 мая 2018 21:11
ayni haqiqat aytilgan, shu bugun tungi soat 2 lardada nabiramni kasalxonaga olib borgan edik, u erdan soat 3.30larda chiqdik, biz u erdan chiqar - chiqmas 7 yoshlardagi bolani olib kelishdi,tunni tongga ulab ishlayotgan bu vrachga rahmim keldi, ilohim qo'li dard ko'rmasin, topganiga Olloh baraka bersin!!! Nasib bo'lsa vatanimizda bo'layotgan o'zgarishlar natijasida bizning tibbiyot xodimlarimizga ham o'sha chet eldagidan yaxshiroq sharoitlar bo'ladi deb o'ylayman.
Matndan parcha keltirish

Izoh qoldirish

Qoldirilgan izohlar moderator ko'rigidan o'tganidan so'ng saytga chiqariladi.